BIZGA — 30 YIL
Bozor iqtisodiyoti sharoitida 30 yildan ortiq faoliyat yuritish ko‘p narsani anglatadi. Hatto davlat tomonidan maʼlum darajada qo‘llab-quvvatlangan va ayrim preferensiyalardan foydalangan tashkilotlarning ham barchasi bunday uzoq muddat davomida barqaror ishlay olmaydi. Masalan, 1998-yilda respublikada aksiyadorlik jamiyatlari soni qariyb 5000 tani tashkil etgan bo‘lsa, bugungi kunda ularning soni 600 tadan sal ko‘proq. Fond bozorining professional ishtirokchilari soni esa ilgari qariyb 500 ta bo‘lgan bo‘lsa, hozirda 70 ta atrofida. Bozor iqtisodiyoti qonunlariga ko‘ra, har yili yangi korxonalar paydo bo‘ladi, ayrim xo‘jalik yurituvchi subyektlar esa faoliyatini to‘xtatadi. Buning sabablari turlicha: yetarli daromadning yo‘qligi, raqobatbardosh emaslik, kreditlarni qaytara olmaslik, biznes loyihalarni to‘g‘ri rejalashtira olmaslik, biznes rejalarni bajarish, investitsiyalar qoplanishini hisoblash va risklarni oldindan ko‘ra bilishdagi kamchiliklar. Natijada to‘lovga qobiliyatsizlik, bankrotlik yoki biznesni ixtiyoriy tugatish holatlari yuzaga keladi.
Lekin muvaffaqiyatsizliklarning eng asosiy va umumiy sababi — odamlarda biznesni to‘g‘ri tashkil etish, kadrlarni tanlash, korporativ boshqaruv va menejment tizimini yaratish, moliyaviy resurslarni oqilona boshqarish, kapitalni saqlash va ko‘paytirish, investitsiyalarni amalga oshirish hamda zarar ko‘rmasdan faoliyat yuritish uchun zarur bilimlarning yetishmasligidir.
Iqtisodiyot fanining buyuk namoyandalaridan biri Karl Marks o‘zining mashhur “Kapital” asarida shunday yozgan: “... eng yomon meʼmor ham eng yaxshi asalaridan shunisi bilan farq qiladiki, u mumdan uya qurishdan avval uni o‘z tasavvurida qurib oladi. Mehnat jarayoni oxirida olinadigan natija bu jarayon boshidayoq inson tasavvurida mavjud bo‘ladi”.
Ko‘plab insonlar “eng yaxshi asalari”ga o‘xshab, taʼlimga mablag‘ sarflamasdan, sinov va xatolar yo‘li bilan biznes yaratishga va uni yuritishga urinadilar. Ammo oxir-oqibat oldindan hisoblab ko‘rish va prognoz qilish mumkin bo‘lgan to‘siqlar yoki kutilmagan murakkab vaziyatlarga duch keladilar.
Rejalashtirilgan tashabbuslar muvaffaqiyatli yakunlanishi, boshlangan loyiha esa yaxshi natija berishi uchun avvalo zarur bilimlarni olish, ular asosida ishni puxta rejalashtirish va maqsadni oxirigacha yetkazish kerak. Shundagina insonni o‘z sohasining professionali deyish mumkin. Chunki har qanday ishda eng muhim mezon — natijadir. Biz esa siz bilan tijoriy uzoq umr ko‘rish bo‘yicha bebaho tajribamizni bo‘lishamiz.
Xulosa: BILIM — KUCH!

BILIMDAN TEJAMANG!